| Zamonaviy futbolda golni asosan hujumchilar kiritishadi, degan gap ketmaydi. Mana bitta misol, "Paxtakor" MDH kubogida g'oliblikni qo'lga kiritgan jamoa hisoblanadi. Biroq musobaqa davomida raqiblar darvozasi 9 marta ishg'ol etilgan bo'lsa, shulardan birontasi jamoa hujumchilariga nasib etmadi. Hatto himoyachi Kleskov ham bitta gol urdi. Biroq... Bugungi taktik taraqqiyot kerak bo'lsa maydonga bironta ham hujumchisiz tushish mumkinligini ko'rsatmoqda. Ammo "Paxtakor" MDH chempionlari bilan bahs bog'lar ekan, ba'zan bitta, ba'zida ikki hujumchi bilan to'p surdi. Ammo... Ha, "Paxtakor" safiga braziliyalik hujumchilar tezroq kelib qo'shilishsa yaxshi bo'lardi. Vaholanki, ularning tashrifi BAAdagi yig'inga mo'ljallangan edi, bo'lmadi. Moskvada kutildi, yana nom-nishon yo'q. Shoyad Turkiyada "qora"si ko'rinsa brazi-liyaliklarning. O'zlarining kimligini ko'rsatmay qolmasdan bildirishni ham istamayotgan ushbu futbolchilarni Ravshan Haydarov hech bo'lmasa bitta yig'inda ko'zdan kechirishi kerak-ku, axir. "Pentakampeonlar", deb ularga emas, ko'proq yurt terma jamoasi a'zolariga aytilsa kerak, harqalay. Braziliyadan kelishgan ekan, deb OCHL bahslarida ularga darhol forma tarqatilsa g'alati bo'lmasmikan? To'g'ri-da, ko'p noz qilaverishsa o'zimizning Soliyev bilan Uche ham yomon hujumchilar sanalishmaydi. Garchi Moskvadan golsiz qaytgan bo'lsalar-da! Darvoqe, Moskvaga bu galgi "sayohat" "Paxtakor" uchun juda omadli kelgani rost. O'tgan yil yarim finalda aynan penaltilar bo'yicha imkoniyatni boy bergan toshkentliklar, bu safar ikki marta ana shu "lotoreya" orqasidan maydonni g'olib sifatida tark etishdi. Ayniqsa, finalda rostakamiga omad kulib boqdi. Ustiga-ustak turnir mavsumoldi tayyorgarlik sifatida ham ancha samarador bo'ldi. Garchi hujumchilar muammosi jamoada ikki yildan beri mavjud bo'lsa-da, MDH kubogida bu "kasallik" haroratni juda ko'tarib yubordi. Hujumchilar kamchiligi faqat ularning gol urmaganida ko'ringani yo'q. Balki ikki marta uchrashuv penaltilar seriyasigacha yetib borganiga ham asosan hujumchilarni sababchi qilib ko'rsatish mumkin. Chunki o'yinlarda maydondagi tashabbus asosan "Paxtakor" tomonida bo'ldi. Biroq hujum chizig'idagi noaniqlik va tushunmovchiliklar bu tashabbusni g'alaba bilan yakun topishiga yo'l qo'ymadi. Mavsumga hozirlik ko'rish jihatidan "Olimpiyskiy" maydoni galdagi sinov vazifasini o'tadi, nazarimda. Chunki noqulay maydonda to'p surish qiyinchilik tug'dirdi. Demak foyda bo'ldi. Axir OCHLda faqat sifatli maydonlarda to'p surishimiz kafolatlangan emas-ku. Misol uchun, Eronda. Mart oyida hatto "Paxtakor" stadioni maydoni ham to'pga qaramay, o'ynash imkoniyatini bermaydi futbolchilarga. Aytish mumkinki, Temur Jo'rayev "Ventspils" darvozaboni bergan zarbani qaytarib, musobaqa g'olibi "Paxtakor" ekanini ma'lum qilganida Ravshan Haydarov faqatgina chempionlik nashidasi tufayli osmonga sakramagan. Ham omad "Paxtakor" tomonida ekani hamda tayyorgarlik jihatidan mamnunligi uchun sevingan bo'lsa, ajabmas jamoa bosh murabbiyi. Axir kamchiliklarni ko'zdan kechirish bilan birga musobaqa kubogini qo'lga kiritishni uddalash "bir o'q bilan ikki quyonni urish"dan boshqa yana nima? Bir o'q bilan bitta nishonni chempionimiz endi Xudo xohlasa, OCHLda mo'ljalga oladi. Chunki OCHLdagi "quyon" "semiz quyon". U bunga arziydi. Shunday ekan, "Omad senga, "Paxtakor"! shiorini bugungina aytib qolmaylik. Umid qilamiz, uni jo'rlikda aytish payti hali kuzda ro'y beradi. Ya'ni OCHL kubogini "paxtakor"chilar boshlari uzra ko'tarishganda.
|